Загрузка...
Главная

Erimning telefoni bilan kundoshmiz! 

Ko'rildi: 2417 Qo'shildi: 23-01-17

Turmushga chiqqunimcha xayolimda xuddi ertaklardagidek chiroyli kechalarga borib, o`zimning betakror libosim va til ojiz husnim bilan hammani lol qilardim. Keyin u erda dunyoda tengsiz bo`lgan yigit mening ortimdan ergashar, men parvo qilmas, ammo u baribir e`tiborimni tortar va biz sehrli muhabbat qasrida yashardik.

Oila qurganimdan keyin bu xayolot olamim biroz toraydi. Endi xayolimda dugonalarim bilan bo`ladigan «gap»ga qimmatbaho kiyim va hatto shaxsiy mashinamda boradigan bo`ldim. Dugonalarim ortimdan rosa og`zidan suvi oqi-i-ib qarab qolishardi.

Hozir esa...

Uch bola, ro`zg`or, ishdan qaytgach telefondan bo`shamaydigan er bilan bo`lib, xayol ham surmay qo`ydim, shekilli. Yo`q, suraman. Faqat xayolim ham o`zim kabi ojiz va ko`rimsiz. Ishonsangiz, ayni damda o`zimni ko`z oldimda jonlantirsam haligi multqahramon keladi. Qaysi deysizmi? Anuv-chi, sakkiz-to`qqiztacha bolasining ortidan yugurib yuradigan maymun. Kulmang! Rostdan ham shunaqa bo`lib qolganman. Endi o`ylab ko`rsam, o`sha sho`rlik maymunning ham eri hech qaerda ko`rinmaydi. Xuddi mening erimga o`xshab. Bechoraning eri ham meniki kabi oila bilan emas telefon bilan yashayotganmikan?

Telefon degan so`zni og`zimga ham olgim kelmaydi. Bu matoh shu qadar g`azabimni keltiradiki, xuddi sira yo`qolmaydigan suvarakdek. Shunchalar «allergiya»mni qo`zitadiki, katta shaftolining tuki kabi. G`ayirligimni shunchalik qaynatadiki, kundosh ham yo`lda qoladi. Go`yo men uchun telefon dunyodagi eng, eng, eng bo`lmag`ur, zararkunanda narsa...

U-f-f-f! Mana, gapirganim sari bo`g`zimga alam tiqilyapti.

Alam qilmay bo`ladimi, axir?

Ishonasizmi, erim bilan gaplashmaganimga bugun naq... qarang hisobini ham bilmayman. Yo`-o`-o`q, urishib qolganimdan emas. Shunchaki u erta tongda ham, ishdan qaytgach ham telefonidan ortmaydi. Gaplashishga vaqti yo`q. Hali kim bilandir yozishadi, hali gaplashadi, oxirgi paytda ovozini yozib kimlargadir yuboradi, o`sha kimdirlar ham erinmay erimga ovoz yo`llaydi. Ja-a-a bo`lmasa, o`yin o`ynaydi.

Ikki ko`zi telefonda bo`lgani bois, bolalarini ham ko`rmaydi. Kuyganim, buni sizga aytishga ham uyalaman-ey! Tunov kuni nima deydi deng:

— Yosh bolaga nima uchun soch ulab qo`yding, ahmoq!

— Kimga soch ulabman? — dedim hech narsaga tushunmay.

— Manovning sochi buncha uzunmasdi-ku, — deydi qizalog`imizni ko`rsatib.

— Faqat telefonga emas, bolalarga ham qarab turish kerak. Hademay, ularni tanimay ham qolasiz, — dedim tutaqib.

Anuv kuni shivirlab, hayajon bilan aytgan gapiga kulishni ham, kuyishni ham bilmaysiz.

— Yon qo`shnimizning qizi ko`zimga boshqacha ko`rindi. Tinch emas-ov. Tag`in bilmadim-u, men homiladorga o`xshatdim. Sovchi-povchi kelyaptimikan, o`zi? Tezda uzatmasa, ota-onasini naq go`rga tiqadi-ya!

Avvaliga hech narsani anglamay, yuziga baqrayib qoldim. Keyin jahlim chiqdi-da:

— Qaerda yashayapsiz o`zi? Qo`shnimiz o`tgan yili qizini uzatdi, bir yil yashadi, endi bo`yiga bo`lganida erini bir qiz bilan tutib olib, arazlab ham keldi. Shu-shu uyida...

— Ha-a-a, hartugul. Men erga tegmay homilador bo`libdimi, debman...

— To`yiga bordingiz-ku! O`sha erda ham telefonga termulib o`tirgandingiz!

— Yo`g`-e, to`yiga ham borganmidim? Menga qara xotin, yuzingni ari chaqdimi? Nega shishib ketding?

— Voy-dod! Shishmaganman, semirganman! Mazam bo`lmagani uchun duxtir dori bergandi. O`sha semirtirarkan. Olti oy bo`ldi, dorini ichib, semirganimga ham.

Eng dahshatlisi, yaqinda tumov bo`lib yotib qolganimda «Bolalarni o`zingiz maktab, bog`chaga olib keling», deb iltimos qildim. Ishonasizmi, bog`chaga borib «Katta o`g`lim qani?» deb rosa ularning boshini qotiribdi. Oxiri, qizimizning yoniga borgach, undan akasining maktabga borayotganini bilibdi.

Shundan buyon hamma narsaga o`zim yuguryapman. Xuddi o`sha multfilmdagi maymunga o`xshab. Bunaqa hayotdan keyin shirin xayol surib bo`ladimi?

KAMINA




Do'stlaringizga birinchilardan bo'lib yetkazing!



Всего комментариев: 0
avatar

Видео и аудио материалы предназначены исключительно для предварительного ознакомительного просмотра и прослушивания. | |