Загрузка...
Главная

OblGAIdan Qobil GAI yoxud o'xshamagan kelishuv 

Ko'rildi: 371 Qo'shildi: 18-12-17


Qobil GAI xunob bo'ldi. Mana, soat o'n birga qarab boryaptiki, birorta haydovchi qoida buzay demaydi. Aksiga olib, bugun institutda o'qiydigan o'g'lining imtihoni bor.

Peshinga komissiya uchun «obed»ga u-bu narsa tashkil qilishi kerak. Qani endi biror haydovchi palakat bosib tezlikni oshirsa yoki «peregruz» qilsa-yu, shofyor «Kechirasiz, akajon», deb texpasportning ichiga…

Och qoringa ovqat haqida o'ylash yoqimli bo'lganidek, Qobilvoy ham shu o'ylar ta'sirida yutinib qo'ydi. Keyin esa diqqat bo'lib, u yoq-bu yoqqa yurdi, chekdi, hatto yo'lga orqasini o'girib, haydovchilar sezmaydigan bo'lib ham turdi.

Nihoyat, uzoqdan mashina qorasi ko'rindi. Qobilvoy qo'lini soyabon qilib ulovning markasini aniq ko'rdi-da, xotini o'g'il tuqqandek, quvonib ketdi: «Est, «Zaparojes». Mashina yaqinlashgach hushtak chalib, tayog'i bilan yo'l chetini ko'rsatdi.

Nazoratchi ko'p yillik tajribasidan yaxshi biladi: ko'rimli mashinadan foyda yo'q. Unaqalarning yo o'zi katta bo'ladi yoki kattalardan tanishi bor. Agar bilib-bilmay shulardan birortasini to'xtatib qo'ysa, kuni boshliqning xonasida hisob berish bilan o'tadi.

— OblGAIdan Qobil GAI, — nazoratchi haydovchiga ehtirom ko'rsatdi. — Hujjatlaringiz!

G'aladondan olib berilgan qog'ozlarni sinchiklab varaqlagan nazoratchi o'zi «axtargani»ni topolmadi shekilli, xo'mrayib so'z qotdi:

— Qoidani buzdingiz, aka, bayonnoma tuzamiz. Tezlikni oshirdingiz.

— E-e, boshliq, axir, ming uringanda ham bu mashina oltmishdan oshmaydi-yu, — dedi haydovchi hayron bo'lib.

— Boshni qotirmang, baribir qoida buzgansiz. Hech bo'lmasa… Ha, darvoqe, mashinangiz eski «Zaparojes» ekan. Bunaqalarning ekologiyani qanchalik zaharlashini bilasizmi o'zi?

Qobil GAI bilimdonlik qilgani sayin, suhbatdoshining shamani tezda ilg'amasligiyu befarosatligidan siqilib borardi.

«He, o'l-a, — dedi ichida. — Odamni shuncha gapirtirgandan ko'ra, kissaga qo'lni oborsang bo'ladi-ku?! Nima qilasan, meni ham, o'zingni ham ovora qilib».

Shunda haydovchi barmoqlari bilan cho'ntagidan nimanidir izlayotganini ko'rib, ichdan quvonib ketdi. Ammo cho'ntakdan kutgani emas, ro'molcha chiqqanini ko'rgach, hafsalasi pir bo'ldi.

«Yo'q, endi rostdan ham bayonnoma tuzishga to'g'ri keladi», o'zicha ahd qildi nazoratchi. Loaqal boshliqlarga halol xodim ekanini shu orqali ko'rsatadi…

Shu ahd bilan Qobil GAI qog'ozni qoralay ketdi va qovog'ini solgan ko'yi varaqni mashina egasi tomon surdi:

— O'qib, qo'l qo'ying!

— I-e, boshliq, savoddan ham bor ekan-ku! Familiyam Zamburov emas, Zokirov!..

Haydovchining pichingi uni seskantirib yubordi. Shunday bo'lsa-da, vaziyatdan chiqishga urinib, qarshisidagi kishiga do'q aralash so'z qotdi:

— Savodim bilan nima ishingiz bor? Shoshganda bo'ladi-da. Bering, tuzatay.

Nazoratchi haydovchi familiyasini tuzatgandek bo'ldi.

— E-e, yashang! — bayonnomani qo'liga olarkan «Zaporojes» egasi o'zini to'xtatolmay kulib yubordi. — Bir so'zning ichidagi harflarni joyiga qo'yolmayapsiz-u, ko'chada tartibni qanday eplaysiz? Nazoratchilik guvohnomasini qanday olgansiz? Bayonnomani siz menga emas, men sizga to'ldirishim kerak ekan. Ha, mayli. Mana, aynan imzongiz turibdi. Shu ham yetar. Boshlig'ingiz oldida yaxshigina dalil bo'ladi. So'raylik-chi, savodsiz kishilarni mas'ul vazifaga qo'yish to'g'rimikan?!

Suhbatdoshining so'zlarini hazilga yo'yib turgan Qobil GAI ahvol jiddiyligini tushundi. Qog'ozni qaytarib olish uchun avvaliga siyosat qilib ko'rdi. Bo'lmadi. Iltimosga o'tdi. Foydasi yo'q. Oxiri yalindi.

— Iltimos, akajon. Boshliqqa bormang! Bola-chaqamning rizqi qiyiladi-ya. O'zi yaqinda bir ho'kizimni sotib, ishga qayta tiklangandim. Iltimos…

Nihoyat, uzoq muzokaralardan so'ng tomonlar kelishib olishdi. Unga ko'ra, bayonnoma qog'ozi haydovchida turadigan, nazoratchi esa bundan buyon uni yo'lda ko'rsa ham, ko'rmaganga oladigan va… imloni yaxshilab o'rganadigan bo'ldi.

 

Akbar RUSTAMOV,




Do'stlaringizga birinchilardan bo'lib yetkazing!



Всего комментариев: 0
avatar

Видео и аудио материалы предназначены исключительно для предварительного ознакомительного просмотра и прослушивания. | |